Oʼzbekistonning Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki bilan hamkorligi

Joriy yilning 31-yanvar kuni Oʼzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʼrinbosari - Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzakov Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki Prezidenti Odile Reno-Basso bilan videokonferensiya tarzida muzokaralar oʼtkazdi.

Muzokarada mamlakatimizda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishni ragʼbatlantirish va xususiy sektorni qoʼllab-quvvatlashga qaratilgan yangi loyihalarni amalga oshirishni nazarda tutgan holda Oʼzbekiston bilan YeTTB oʼrtasidagi oʼzaro manfaatli hamkorlikning hozirgi holati va uni chuqurlashtirishning istiqbolli yoʼnalishlari muhokama qilindi.

Qayd etiishicha, Oʼzbekiston jalb qilingan mablagʼlar boʼyicha ketma-ket ikkinchi yil bankning Maraziy Osiyo mintaqasidagi eng yirik hamkoriga aylanmoqda. Birgina 2021-yilda YeTTB muqobil energetika, infratuzilmaviy rivojlanish hamda kichik va oʼrta biznesni qoʼllab-quvvatlash sohalarida 22 ta investitsiyaviy loyihani amalga oshirish doirasida mamlakatga qariyb 700 mln. dollar investitsiya kiritdi. Shu bilan birga, oʼtgan yil yakunlariga koʼra, Oʼzbekiston YeTTBning investitsiyalar kiritilishi boʼyicha “Top-5 mamlakatlar"iga kirdi.

Bugungi kunga kelib YeTTB koʼmagida amalga oshirilayotgan loyihalar portfeliga 838 mln. yevro qiymatidagi 11 ta loyiha kiradi. Oʼzbekiston tomoni YeTTB hamda Oʼzbekistonning xususiy kompaniyalar va tijorat banklari oʼrtasidagi hamkorlik munosabatlari oʼzaro rivojlanayotganligini olqishladi. Hamkorlik oʼrnatilganidan buyon YeTTB 106 ta loyihani amalga oshirish uchun 2,8 milliard yevrodan ortiq mablagʼni olib kirdi. Bank investitsiyaviy portfelining 48 foizi xususiy sektorni qoʼllab-quvvatlash loyihalaridan iborat hamda mamlakatimiz tijorat banklariga kichik va oʼrta biznes uchun moʼljallangan kredit liniyalari shaklida ajratilgan umumiy moliyalashtirishning hajmi 450 mln. dollarni tashkil etadi.