O‘zbekiston milliy terma jamoasi JCh-2022 ishtirokchisi ustidan g‘alabaga erishdi

Bugun O‘zbekiston milliy terma jamoasi a’zolari joriy yil Qatarda bo‘lib o‘tadigan JCh-2022ga yo‘llanma olgan Kamerun terma jamoasi bilan o‘rtoqlik uchrashuvida kuch sinashdi.

Janubiy Koreya davlatida bo‘lib o‘tgan mazkur o‘yinda hamyurtlarimiz ishonchli g‘alabaga erishdi.

O‘yinning 24-daqiqasida Eldor Shomurodovning ajoyib reydi va chiroyli uzatmasidan so‘ng Hojimat Erkinov hisobni ochishga muvaffaq bo‘ldi. Birinchi bo‘limning qolgan daqiqalarida darvozalar boshqa ishg‘ol etilmadi va jamoalar 1:0 hisobi bilan tanaffusga chiqib ketishdi.

77-daqiqaga kelib hamyurtlarimiz hisobdagi ustunligini mustahkamlashdi. Bu safar Odil Hamrobekovning o‘ng qatondan jarima maydonchasiga uzatmasini Oston O‘runov darvozaga joylab qo‘ydi.

Shu tariqa, O‘zbekiston MTJ Kamerunni 2:0 hisobida mag‘lubiyatga uchratdi. Bu bilan Srechko Katanes shogirdlarining g‘alabali seriyasi 7ta o‘yinga yetdi.

Ma’lumot uchun: 27-sentyabr kuni O‘zbekiston milliy terma jamoasi navbatdagi o‘rtoqlik uchrashuvini JCh-2022ning yana bir ishtirokchisi Kosta-rika terma jamoasiga qarshi o‘tkazadi. Mazkur o‘yin ham Janubiy Koreya davlatida tashkil etiladi.