O‘zbekiston - Qirg‘iziston: oliy darajadagi uchrashuvlar kun tartibi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 24-iyul kuni Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov bilan telefon orqali muloqot qildi.

Suhbat avvalida Qirg‘iziston Prezidenti davlatimiz rahbarini tug‘ilgan kuni bilan samimiy muborakbod etib, birodar O‘zbekiston xalqiga tinchlik-osoyishtalik, farovonlik va ravnaq tiladi.

Bo‘lajak oliy darajadagi uchrashuvlarning kun tartibini tayyorlash masalalari muhokama qilindi. Ikki mamlakat hukumatlari savdo shartnomalari va sanoat kooperatsiyasi bitimlarining yangi to‘plamini, shuningdek, O‘zbekiston-Qirg‘iziston strategik sherikligining ustuvor yo‘nalishlari bo‘yicha boshqa ikki tomonlama hujjatlarni tayyorlashi muhimligi qayd etildi.

Energetika va transport sohalaridagi yirik mintaqaviy loyihalarni ilgari surishga alohida e’tibor qaratildi.