O‘zbekiston-Qozog‘iston hamkorligini kengaytirish masalalari muhokama qilindi

 
O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari - investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzakov Nur-Culton shahrida Qozog‘iston Respublikasi savdo va integratsiya vaziri B.Sultanov bilan uchrashdi.
 
Ikki tomonlama savdoni yanada rivojlantirish va bu yo‘nalishda qo‘shma tashabbuslarni amalga oshirish chora-tadbirlari muhokama qilindi. O‘tgan 4 yil mobaynida O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 60 foizga oshib, 2020 yilda 3 milliard dollardan oshgani qayd etildi. Joriy yilning noyabr oyi yakunlari bo‘yicha o‘zaro savdo hajmi 3,1 milliard dollarni tashkil etib, o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 37 foizga o‘sdi.
 
Keyingi 5 yil davomida o‘zaro savdo hajmini 10 milliard dollarga yetkazish vazifasini amalga oshirish yuzasidan navbatdagi tadbirlar belgilandi. Mavjud bo‘lgan savdo to‘siqlarini bartaraf etish hamda ikki davlatning transport, logistika va tranzit salohiyatini oshirish borasidagi ishlarni davom ettirishga kelishib olindi. Shu munosabat bilan ikki davlatni bog‘lovchi avtomobil va temir yo‘l infratuzilmallarini rivojlantirish bo‘yicha ustuvor loyihalar muhokama qilindi.
 
Suvdan foydalanish va suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy qilish, Orolbo‘yi mintaqasida ekologik muvozanatni tiklash hamda Orol dengizining qurishi oqibatlarini bartaraf etish sohasidagi masalalarga alohida to‘xtalib o‘tildi. Kun tartibidagi boshqa masalalar qatorida Qozog‘iston tomonining 2022 yilda Nukus shahrida bo‘lib o‘tadigan 1-Xalqaro Orolbo‘yi forumida ishtirok etishining istiqbollari ham ko‘rib chiqildi.
 
Uchrashuv yakunida ko‘rib chiqilgan ikki tomonlama hamkorlik masalalari bo‘yicha alohida kelishuvlarga erishildi.