O‘zbekiston rekord darajada kartoshka import qildi

2021-yilning 1-yanvaridan 20-dekabrigacha bo‘lgan davrda O‘zbekistonga kartoshka importi hajmi 516,2 ming tonnani tashkil etdi. Bu butun 2020-yildagi importga nisbatan 23 foiz yuqori ko‘rsatkichdir.
2021-yil yakuniga ko‘ra, O‘zbekiston eng yirik kartoshka importyorlari reytingida kuchli beshtalikka (Belgiya, Gollandiya, Germaniya va Italiyadan ortda qolgan holda) kirishi mumkin. Bundan tashqari, iste’mol importi bo‘yicha respublika yuqoridagi mamlakatlarni ortda qoldirib, jahonda birinchi o‘rinni egallashi kutilmoqda. Sababi, O‘zbekistondan oldingi o‘rinlarda turuvchi mamlakatlar kartoshkaning ko‘p qismini qayta ishlash ehtiyojlari uchun import qiladi va tayyor mahsulot – muzlatilgan kartoshka frisi hamda boshqa kartoshka mahsulotlari ko‘rinishida qayta eksport qiladi.
Kelgusi yili kartoshka importi hajmini qisqartirish maqsadida O‘zbekistonda 122 ming gektar maydonga kartoshka ekish rejalashtirilmoqda, bu 2021 yilga nisbatan 40 foizga ko‘pdir.






