O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi va Britaniyaning TheCityUK tashkiloti kapital bozorlarini rivojlantirish bo‘yicha hamkorlik to‘g‘risida anglashuv memorandumini imzoladi

6 dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi va Buyuk Britaniyaning TheCityUK tashkiloti o‘rtasida kapital bozorlarini rivojlantirish va tartibga solish, Britaniya tajribasini o‘rganish va joriy etish bo‘yicha o‘zaro anglashuv memorandumi imzolandi.

Memorandumdan ko‘zlangan asosiy maqsad O‘zbekiston kapital bozorining izchil rivojlanishini qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirish, shuningdek, moliya va kapital bozorlarida professional xizmatlar ko‘rsatishning xalqaro standartlarga javob berishini ta’minlashdan iborat.

Xususan, memorandum mahalliy kapital bozori infratuzilmasini modernizatsiya va rivojlantirish, regulyatorning bozorni tartibga solish va nazorat qilish funksiyalarini, xususan, kapital bozorini korporativ boshqaruv va aktivlarni boshqarishni tartibga soluvchi xalqaro standartlarni takomillashtirishni nazarda tutadi.