O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Turkmaniston Prezidenti bilan uchrashdi

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi T.Narbayeva Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov bilan uchrashdi.

Uchrashuvda tomonlar keyingi yillarda yangi amaliy mazmun bilan boyitilayotgan O‘zbekiston-Turkmaniston munosabatlarining ijobiy dinamikasini mamnuniyat bilan qayd etdi.

Savdo-iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy va madaniy-gumanitar hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo komissiyaning muntazam ish olib borishini ta’minlash muhimligi ta’kidlandi.

Tomonlar ikki mamlakat hududlari o‘rtasidagi aloqalarni rivojlantirish, shuningdek, O‘zbekiston va Turkmaniston ishlab chiqaruvchilari o‘rtasidagi sanoat kooperatsiyasini kengaytirishga ko‘maklashish maqsadida parlamentlararo muloqotni faollashtirish zarurligiga kelishib oldi.

Shuningdek, madaniy-gumanitar sohadagi hamkorlikni mustahkamlash, shu jumladan, bu yo‘nalishda ikki mamlakat aholisi uchun zarur qo‘shma tadbirlarni o‘tkazish amaliyotini davom ettirish masalalari muhokama qilindi.