O‘zbekiston-Rossiya: Toshkentda sayyohlik forumi bo‘lib o‘tdi

O‘zbekiston-Rossiya mintaqalararo hamkorlikning ikkinchi forumi doirasida videokonferensaloqa formatida O‘zbekiston Respublikasi va Rossiya Federatsiyasi o‘rtasida sayyohlik forumi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Turizm va sport vazirligi rahbariyati, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisining o‘rinbosarlari, Buxoro, Samarqand va Xorazm viloyatlari hokimlarining turizm, sport va madaniyat masalalari bo‘yicha o‘rinbosarlari, O‘zbekiston turizm assotsiatsiyalari mutasaddi rahbarlari va sayyohlik kompaniyalari vakillari ishtirok etishdi.
Rossiya delegatsiyasi tarkibida Rossiya Federatsiyasi Turizm bo‘yicha Federal agentligi va Rossiya Turoperatorlari assotsiatsiyasi rahbariyati, Chelyabinsk viloyati va Qrim Respublikasi vazirlari, Moskva, Sankt-Peterburg shaharlari meriyasi vakillari, shuningdek, Rossiyaning sayyohlik uyushmalari, alyanslari va sayyohlik kompaniyalari tashrif buyurishdi.
Forum yakunlari bo‘yicha tomonlar turizm sohasida hamkorlikni kengaytirish, turistlar oqimini ko‘paytirish, havo qatnovini qayta tiklash va kengaytirish, O‘zbekiston sayyohlik maʼmuriyatlari va turizm sohasi vakillari o‘rtasida muntazam muloqot o‘tkazish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar ishlab chiqish hamda Rossiya, shuningdek, qo‘shma loyihalarni amalga oshirishda O‘zbekiston va Rossiya turizm biznesini янада faolroq qo‘llab-quvvatlashga kelishib olishdi.






