O‘zbekiston-Rossiya: tovar ayirboshlash hajmi besh yilda 170 foizga o‘sdi

Bugun, 1-dekabr kuni Samarqand shahrida O‘zbekiston-Rossiya biznes-forumi bo‘lib o‘tdi. Unda vazirlik va idoralar, viloyatlar, tarmoq birlashmalari va uyushmalar rahbarlari, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi va Rossiya Federatsiyasidan 500 dan ortiq yetakchi kompaniya va korporatsiyalar vakillari ishtirok etdi.

Tadbirda O‘zbekiston delegatsiyasiga Bosh vazir o‘rinbosari – Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Jamshid Xodjayev, Rossiya delegatsiyasiga esa Rossiya Federatsiyasi iqtisodiy rivojlanish vaziri Maksim Reshetnikov boshchilik qildi.

O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi tovar ayirboshlash o‘sishining ijobiy dinamikasi qayd etildi. So‘nggi besh yilda mamlakatlar o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 170 foizga o‘sdi, 2021-yil oxiriga kelib esa yana uchdan bir qismga ko‘payib, 7,5 milliard dollardan oshdi. Oʻzaro tovar ayirboshlash hajmini 10 milliard dollarga yetkazishdan ikki tomon ham manfaatdor ekani bildirildi.

Bugungi kunda O‘zbekistonda neft-kimyo, energetika, kon-metallurgiya, sog‘liqni saqlash va farmatsevtika, yengil sanoat, qurilish materiallari ishlab chiqarish, shuningdek, meva-sabzavotlarni qayta ishlash kabi sohalarda Rossiya kompaniyalari bilan umumiy qiymati 20 milliard dollardan ortiq bo‘lgan ikki yuzga yaqin qo‘shma loyiha amalga oshirilmoqda.

Shu bilan birga, ikki mamlakatning iqtisodiy salohiyati ustuvor yo‘nalishlarda, jumladan, avtomobilsozlik, kimyo va to‘qimachilik sanoati, qishloq xo‘jaligi va farmatsevtika, qurilish materiallari ishlab chiqarish va boshqa sohalarda hamkorlikni yanada rivojlantirish uchun zarur shart-sharoitlar yaratib berayotgani haqida so‘z bordi.

Sanoat kooperatsiyasining yangi loyihalarini va savdo kelishuvlarini ishlab chiqish maqsadida hududlararo kooperatsiyani rivojlantirish boʻyicha qoʻshma ishlarni davom ettirish zarurligi qayd etildi. Yaqin kelajakda 2023-yilga mo‘ljallangan hududlarga o‘zaro tashriflar jadvali tasdiqlanadi va navbatdagi uchinchi Mintaqalararo forumni o‘tkazishning aniq sanasi kelishib olindi.