O‘zbekiston Senati Raisi O‘zbekiston bo‘yicha kokus hamraislari bilan uchrashdi

Vashington shahrida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Narbayeva boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasi AQSH Kongressidagi “O‘zbekiston bo‘yicha kokus” rahbarlari – kongressmen-demokrat Visente Gonsales va respublikachi kongressmen Trent Kelli bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Suhbat avvalida AQSH qonunchilari O‘zbekiston delegatsiyasi rahbarini mamlakatimizda bolalar mehnatiga va majburiy mehnatga barham berilgani hamda “Cotton Campaign” koalitsiyasi tomonidan o‘zbek paxtasi va to‘qimachilik mahsulotlariga qo‘yilgan boykot olib tashlangani bilan qutladi. Ularning so‘zlariga ko‘ra respublika paxta sanoatida Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan olti yil avval boshlangan tub islohotlar o‘z samarasini bermoqda.
O‘zbekiston yengil sanoati mahsulotlarining jahon bozorlariga, shu jumladan, AQSH bozoriga chiqishi uchun misli ko‘rilmagan shart-sharoitlar yaratilmoqda. Ushbu tarixiy voqea pandemiya keltirib chiqargan mahsulot yetkazib berish zanjiridagi uzilishlar bilan bir vaqtga to‘g‘ri keldi, bu esa o‘zbekistonlik ishlab chiqaruvchilarga jahon to‘qimachilik sanoatida o‘z o‘rnini egallash uchun noyob imkoniyat taqdim etmoqda, dedi AQSH qonun chiqaruvchilari.
Kongressmenlar parlamentlararo hamkorlik haqida gapirar ekan, boshqa qonun chiqaruvchilarni ham AQSH Kongressining O‘zbekiston mustaqilligi va suverenitetini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan maxsus rezolyutsiyasi hammualliflari bo‘lishga chaqirishni davom ettirishini taʼkidladi. “Hozirgi vaqtda bizda 21 ta ovoz bor va ushbu hujjat AQSH Kongressi tomonidan maʼqullanishi uchun bizni yana to‘rt nafar kongressmen qo‘llab-quvvatlashi kerak. Rezolyutsiya mamlakatlarimiz o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganining 30 yilligi munosabati bilan qabul qilinishi uchun bor kuch va imkoniyatlarimizni ishga solishga tayyormiz”, deb taʼkidladi T.Kelli.






