O‘zbekiston terma jamoasi finalda

Futbol bo‘yicha 23 yoshgacha bo‘lgan futbolchilar o‘rtasidagi Osiyo kubogi yarim final bahslarida O‘zbekiston U23 jamoasi Yaponiya olimpiyachilarini mag‘lub etdi. 15-iyun kuni Toshkentdagi "Milliy" ("Bunyodkor") stadionida muxlislarsiz o‘tgan yarim final 2:0 hisobida yakunlandi.

Uchrashuvning 60-daqiqasida yarim himoyachi Jasur Jaloliddinov jarima maydonchasi tashqarisidan to‘pni raqib darvozasiga yo‘llab, hisobni ochdi (video). 89-daqiqada hujumchi Husan Norchayev o‘yinga ikkinchi gol bilan nuqta qo‘ydi.

Timur Kapadze shogirdlari finalda ikkinchi yarim final uchrashuvida Avstraliya U23 jamoasini mag‘lub etgan (2:0) Saudiya Arabistoni olimpiyachilari bilan to‘qnash kelishadi. Osiyo chempionligi uchun bahs 19 iyun kuni soat 18:00da «Bunyodkor» stadionida bo‘lib o‘tadi.