O‘zbekiston-Turkmaniston: sermahsul muzokaralarning natijalari

Oliy darajadagi muzokaralar yakunida ommaviy axborot vositalari vakillari uchun brifing o‘tkazildi. O‘z bayonotining yakunida Shavkat Mirziyoyev sermahsul muzokaralarning natijalari O‘zbekiston va Turkmaniston o‘rtasidagi do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va strategik sheriklik har tomonlama mustahkamlanishiga xizmat qilishiga ishonch bildirdi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov va u orqali qardosh turkman xalqiga samimiy mehmondo‘stlik uchun minnatdorlik bildirdi.

Turkmanistonda Serdar Berdimuhamedovning rahbarligida izchil amalga oshirilayotgan ichki va tashqi siyosat tufayli davlat va jamiyat hayotining barcha jabhalarida erishilayotgan katta yutuqlardan O‘zbekiston chin dildan xursand ekani ta’kidlandi. Ushbu yangilanishlarning asoschisi Turkmaniston Milliy Kengashi Xalq Maslahati Raisi Gurbanguli Berdimuhamedov ekani alohida qayd etildi.

Mushtarak siyosiy iroda tufayli keyingi yillarda O‘zbekiston-Turkmaniston munosabatlariga mutlaqo yangi ruh bag‘ishlangani va ikki tomonlama hamkorlik strategik tus olgani ta’kidlandi. Bugungi muzokaralar yakunida ham ikki tomonlama formatda, ham xalqaro maydonda yanada yaqindan hamkorlik qilishga qaratilgan Strategik sheriklikni chuqurlashtirish to‘g‘risidagi deklaratsiya imzolandi.

“Turkmaniston bilan sheriklikni yanada mustahkamlash – O‘zbekiston tashqi siyosatining o‘zgarmas ustuvor yo‘nalishi”, - dedi davlatimiz rahbari.

Bo‘lib o‘tgan muzokaralar davomida mamlakatlarimizdagi ulkan salohiyatni qardosh xalqlarimiz manfaatlari yo‘lida ishga solishning keng imkoniyatlaridan foydalanish va samarali mexanizmlarni joriy qilishga alohida e’tibor qaratilgani ta’kidlandi.

Tomonlar savdo-iqtisodiy aloqalarni yanada kengaytirishni O‘zbekiston-Turkmaniston sherikligining asosi sifatida belgilab oldilar. Shuningdek, bugun zamonaviy infratuzilmaga ega Chegaraoldi savdo zonasi qurilishi boshlanadi.

Bundan tashqari, sanoat, energetika, qishloq xo‘jaligi, transport va logistika sohalarida loyihalarni amalga oshirish orqali kooperatsiya aloqalarini faol rivojlantirishga kelishib olindi. Suvdan foydalanish va atrof-muhitni muhofaza qilish, tabiiy tusdagi favqulodda vaziyatlarning oldini olish va oqibatlarini bartaraf etish borasidagi hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari belgilab olindi.