O‘zbekiston va Afg‘oniston gumanitar yordamning tranzitini muhokama qildi

2021-yil 27-sentyabr kuni Termiz shahrida Surxondaryo va Balx viloyatlari hokimlari boshchiligida Oʼzbekiston va Аfgʼoniston chegaraoldi hududlari boshqaruv idoralari vakillaridan iborat ishchi guruhlarining yigʼilishi boʼlib oʼtdi.

Tadbir afgʼon tomonining iltimosiga binoan Аfgʼonistonga import mollarini tranzit tashuvi bilan bogʼliq masalalarni hal etish maqsadida tashkil etildi. Muloqot dastavval eng zarur xalq isteʼmol tovarlari – oziq-ovqatlar, dori-darmon, tibbiy anjomlar, kiyim-kechak va yoqilgʼi xususida bordi.

Uchrashuvda muhokama etilgan masalalar, jumladan Аfgʼonistonda yuzaga kelgan ogʼir gumanitar vaziyat davrida mamlakatga yuklarni yetkazib berish va tranzit oʼtkazishda mavjud muammolarni hal etishga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish boʼyicha kelishuvga erishildi.

Yigʼilish soʼnggida tomonlar eng dolzarb chegaraoldi masalalari yuzasidan ishchi aloqalarini davom ettirishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.