O‘zbekiston va Fransiya Prezidentlari Luvrda «O‘zbekiston vohalarining mo‘jizalari. Karvon yo‘llari chorrahasida» ko‘rgazmasini ochdilar

Yelisey saroyida o‘tgan oliy darajadagi muzokaralardan so‘ng O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Fransiya Respublikasi Prezidenti Emmanuel Makron rafiqalari bilan Parijdagi Luvr muzeyida bo‘ldilar.
Luvr dunyodagi eng katta va eng ko‘p tashrif qilinadigan muzeylardan biri bo‘lib, eng yirik va qimmatli badiiy asarlar to‘plamiga ega. Har yili bu yerga 10 millionga yaqin sayyoh keladi.
Keyingi uch yil davomida ko‘rgazmalarga puxta tayyorgarlik ko‘rildi. Bir nechta O‘zbekiston va Fransiyaning birgalikdagi ekspeditsiyalari uyushtirilib, ko‘plab arxeologik topilmalar kashf qilindi. Bundan tashqari, Luvr restavratsiyachilari va mamlakatimiz mutaxassislari bir nechta bosqichdan iborat keng ko‘lamli tiklash tadbirlarini amalga oshirdi.
Yurtimiz tarixining 1500 yildan ortiq davrini qamrab olgan ko‘rgazma mamlakatimizning 16 muzeyidan 138 ta noyob ashyo, shu jumladan ko‘rgazma uchun maxsus restavratsiya qilingan 70 ta eksponatdan iborat. Shuningdek, Fransiya, Buyuk Britaniya va AQSHning yirik muzeylaridan keltirilgan 31 ta buyum ko‘rgazmadan joy oldi.
Ko‘rgazmaning ilk mehmonlari bo‘lgan O‘zbekiston va Fransiya yetakchilari Dalvarzintepa va Xolchayon yodgorliklaridan topilgan eksponatlar, Varaxshadagi qizil rangli xonadan devoriy surat, Kofirqal’adan o‘ymakor panno, Katta Langar Qur’oni sahifalari, Amir Temur maqbarasidan qo‘sh eshik, Afrosiyobdagi elchilar tasviri tushirilgan devoriy surat va boshqa eksponatlar bilan tanishdilar. Ularning yaratilishi va topilishi, ular bilan bog‘liq tarixiy davrlar va shaxslar to‘g‘risida batafsil ma’lumot berildi.
Davlat rahbarlari ko‘rgazma yuksak darajada tashkil etilgani va unda o‘ziga xos muhit yaratilganini ta’kidlab, ikki mamlakatning madaniy hayotida muhim o‘rin tutuvchi ushbu tadbirni tayyorlashga hissa qo‘shganlarga minnatdorlik bildirdilar.
Luvrdagi ko‘rgazma nafaqat O‘zbekiston va Fransiya xalqlari, balki butun Yevropa va Markaziy Osiyo o‘rtasidagi azaliy tarixiy aloqalarni, do‘stlik va o‘zaro anglashuvni yanada mustahkamlashga xizmat qilishi alohida qayd etildi.
P.S. Ko‘rgazma 2023-yil 6-mart kuniga qadar davom etadi.






