O‘zbekiston va Hindiston iqtisodiy hamkorlikni kengaytirishni rejalashtirmoqda

Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari – Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzakov Hindiston Respublikasining O‘zbekiston Respublikasidagi Favqulodda va Muxtor elchisi Manish Prabxat bilan uchrashdi.
Uchrashuvda sarmoyaviy, savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar sohalardagi hamkorlikka qaratilgan ikki tomonlama munosabatlar kun tartibi muhokama qilindi.
Ikki mamlakatning iqtisodiy aloqalarida ishga solinmagan salmoqli salohiyat va o‘zaro manfaatli hamkorlikni kuchaytirishning samarasi yuqori bo'lgan qator ustuvor yo‘nalishlar qayd etildi.
Xususan, tomonlar O‘zbekiston Respublikasi bilan Hindiston Respublikasi o‘rtasida imtiyozli savdo to‘g‘risidagi hamda investitsiyalarni rag‘batlantirish va o‘zaro himoya qilish to‘g‘risidagi bitimni ishlab chiqishni jadallashtirish va ularni qisqa muddatda imzolash dolzarbligini ta’kidladilar.
Tomonlar 2022-yilning birinchi choragida bo'lib o'tadigan O‘zbekiston Respublikasi va Hindiston Respublikasi o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy hamkorlik bo‘yicha Hukumatlararo komissiyaning 13-yig'ilishiga tayyorgarlik ko‘rish, xususan, tadbirni amaliy mazmun bilan to'ldirishni muhokama qildilar.






