O‘zbekiston va Pokiston o‘rtasida savdo hajmi to‘rt barobar o‘sdi

Shavkat Mirziyoyev va Pokiston Islom Respublikasi Bosh vaziri Imron Xon muzokaralarni davom ettirdilar.
Prezidentimiz oliy martabali mehmonning O‘zbekistonga ilk tashrifi ikki tomonlama sheriklikning yangi davrini boshlab berganini ta’kidladi.
– Dunyoda yuksak nufuzga ega Pokiston O‘zbekiston uchun salohiyatli va istiqbolli hamkordir. Siz bilan biz “Naya Pakiston” va Yangi O‘zbekistonni qurayapmiz, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Pokiston Bosh vaziri O‘zbekistonda bo‘lib turganidan mamnunligini aytib, bu pandemiya boshlanganidan buyon uning ilk xorijiy tashrifi ekanini ta’kidladi.
So‘nggi yillarda O‘zbekiston va Pokiston o‘rtasida savdo hajmi to‘rt barobar o‘sdi. Qo‘shma korxonalar soni deyarli yuzdan ortiqqa ko‘paydi. Bugungi kunda O‘zbekistonda pokistonlik investorlar tomonidan tashkil etilgan 163 ta korxona faoliyat ko‘rsatmoqda.






