O‘zbekiston va Qozog‘iston Prezidentlarining muzokaralari mamlakat hamkorlikni kengaytirishga tayyor ekanini tasdiqlaydi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev o‘rtasidagi muzokaralar ikki davlat rasmiy delegatsiyalari ishtirokida davom etdi.

Davlat rahbarlari O‘zbekiston va Qozog‘iston strategik sherikliGI va ko‘p qirrali hamkorlikni yanada mustahkamlash istiqbollarini atroflicha muhokama qildilar. Savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish, jumladan, o‘zaro tovar ayirboshlash hajmini oshirish, qo‘shma kooperatsiya loyihalarini amalga oshirish, tranzit va logistika, energetika, suv va qishloq xo‘jaligi sohalarida hamkorlikdagi sa’y-harakatlarni faollashtirish masalalariga ustuvor ahamiyat qaratildi. Hududlararo va madaniy-gumanitar almashinuvlarni jadallashtirish choralari ko‘rib chiqildi.

Shuningdek, global va mintaqa kun tartibida turgan hamda xalqaro tuzilmalar doirasidagi hamkorlik yuzasidan fikr almashildi.

Prezidentimiz O‘zbekiston xalqlarimiz o‘rtasidagi samimiy munosabatlarini yuksak qadrlashini ta’kidladi.

Ikki mamlakat yetakchilari strategik sheriklikni yanada mustahkamlash maqsadida O'zbekiston Respublikasi va Qozog'iston Respublikasining Davlatlararo Oliy Kengashi, Parlamentlararo hamkorlik kengashi va Tashqi ishlar vazirlari kengashini ta'sis etishga kelishib oldilar.

Muzokaralar chog‘ida ikki tomonlama hamkorlikning yangi “o‘sish nuqtalari”, ustuvor yo‘nalishlari va muhim vazifalari belgilab olindi.

Uchinchi mamlakatlardan import qilinayotgan mahsulotlar o‘rnini bosish orqali zarur mahsulotlarni o‘zaro yetkazib berish nomenklaturasi va hajmini salmoqli darajada kengaytirish uchun katta imkoniyatlar mavjud. Tovar ayirboshlash miqdori jadal sur'atda oshayotgani ham buning tasdig'idir. Joriy yilda bu ko‘rsatkich rekord darajada - 4 milliard dollarga yetishi kutilmoqda.

Ushbu ko'rsatkichni yaqin besh yilda o‘n milliard dollarga yetkazish uchun barcha imkoniyatlar mavjudligi ta’kidlandi. Shu maqsadda tomonlar tegishli “yo‘l xaritasi”ni qabul qilish, ulgurji-taqsimlash markazlari va qo‘shma agroklasterlarni rivojlantirishga kelishib oldilar.