O‘zbekiston va Saudiya Arabistoni munosabatlarida yangi davr

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 17-avgust kunining ikkinchi yarmida Saudiya Arabistoniga davlat tashrifi doirasida Jidda shahriga keldi. Podshoh Abdulaziz nomidagi xalqaro aeroportda mamlakatimiz yetakchisini Makka mintaqasi rahbarlari, investitsiyalar vaziri Xolid al-Falih va boshqa rasmiy shaxslar kutib oldi.

Jidda shahridagi «Qasr as-Salam» saroyida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentini rasmiy kutib olish marosimi bo‘ldi. Davlatimiz rahbarini Saudiya Arabistonining Valiahd shahzodasi Muhammad bin Salmon Ol Saud kutib oldi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Saudiya Arabistoni Podshohligi Valiahd shahzodasi Muhammad bin Salmon Ol Saudning muzokaralari bo‘lib o‘tdi.

Tomonlar ikki mamlakat o‘rtasidagi siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, madaniy-gumanitar sohalardagi o‘zaro manfaatli aloqalarni yanada kengaytirish masalalarini muhokama qildilar. Ishbilarmonlarning aloqalari uchun yanada qulay sharoitlar yaratish, o‘zaro savdo tarkibini diversifikatsiya qilish zarurligi qayd etildi. Mamlakatimizda Saudiya Arabistoni fuqarolari uchun vizasiz tartib joriy etilishi bu borada muhim qadamlardan biri bo‘ladi.

“Bugungi tarixiy uchrashuvimiz hamkorligimizni amaliy natijalar bilan boyitish, biznes aloqalari uchun “kuchli signal” bo‘lishiga aminman. Davlatlarimiz tadbirkorlari muloqotimiz natijalarini intiqlik va katta qiziqish bilan kutayapti”, dedi Shavkat Mirziyoyev.

O‘zbekiston-Saudiya Ishbilarmonlar kengashining navbatdagi yig‘ilishi muvaffaqiyatli o‘tkazilgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Uning yakunida energetika, kimyo, elektrotexnika, infratuzilmani rivojlantirish, sog‘liqni saqlash, qishloq xo‘jaligi, farmatsevtika, axborot texnologiyalari va transport sohalarida umumiy qiymati 14 milliard dollardan ortiq bo‘lgan kelishuv va shartnomalar imzolandi.

O‘zbekiston Prezidenti Saudiya Arabistonining Shanxay hamkorlik tashkilotida Muloqot bo‘yicha sherik maqomini olayotganini olqishladi. Muzokaralar natijalari bo‘yicha imzolangan hujjatlar almashildi. O‘zbekiston Respublikasi bilan Saudiya Arabistoni Podshohligi o‘rtasida keng qamrovli sheriklik munosabatlarini yanada kengaytirish to‘g‘risida Qo‘shma bayonot qabul qilindi. Ikki mamlakat hukumatlari va vazirliklari o‘rtasida energetika, bojxona, fuqaro aviatsiyasi, turizm, qishloq xo‘jaligi, sog‘liqni saqlash, mehnat munosabatlari kabi sohalarda hamkorlikka doir 15 ta hujjat imzolandi.