O‘zbekiston Xalqaro moliya korporatsiyasi bilan hamkorlikni izchil kengaytirishni maqsad qilgan

Joriy yilning 14 sentabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzakov Xalqaro moliya korporatsiyasi (XMK) boshqaruvchi direktori Maxtar Diop bilan muzokaralar o‘tkazdi.

Muzokaralar chog‘ida O‘zbekiston va XMK o‘rtasidagi munosabatlarning bugungi holati va istiqbollari muhokama qilindi. M.Diop O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar ko‘lami va sur’atlariga yuqori baho berib, o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada kengaytirishga sodiqligini bildirdi.

XMK rahbariyatiga moliya bozorini rivojlantirish, davlat-xususiy sheriklik, qishloq xo‘jaligi, transport va sog‘liqni saqlash sohalarini rivojlantirishga qaratilgan islohotlarni amalga oshirishda ko‘rsatilayotgan maslahat va texnik yordam uchun minnatdorlik bildirildi.

O‘zbekistonda muqobil energetika va kimyo sanoati sohalarida keng ko‘lamli loyihalarni ilgari surishda XMK ning o‘rni yuqori baholandi.

Tomonlar, shuningdek, korxonani moliyalashtirish mexanizmini jalb etish orqali axborot texnologiyalari sohasidagi boshlang‘ich loyihalarni ilgari surish bo‘yicha hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga kelishib oldilar.

Uchrashuv yakunida muhokama etilgan hamkorlik yo‘nalishlari doirasida amaliy hamkorlik qilish yuzasidan navbatdagi tadbirlar belgilandi.