O‘zbekiston-Xitoy: savdo-iqtisodiy aloqalarini mustahkamlash yo‘lida

Joriy yilning 3 mart kuni BMB Trade Group kompaniyasining Kuzatuv kengashi raisi Bekzod Mamatqulov hamda O‘zbekistonning Xitoy Xalq Respublikasidagi Favqulodda va Muxtor elchisi Farhod Arziyev o‘rtasida videokonferensaloqa shaklida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuv davomida investitsiya va savdo-iqtisodiy yo‘nalishlarda O‘zbekiston-Xitoy hamkorligini yanada kengaytirish, jumladan Xitoy hududida savdo uyi tashkil etish orqali BMB Za’faron brendi ostida yetishtirilayotgan za’faron hamda qishloq xo‘jaligining boshqa turdagi mahsulotlarini Xitoy bozoriga eksport qilish bilan bog‘liq bo‘lgan masalalar atroflicha muhokama qilindi.

Shu bilan birga, xitoylik tadbirkorlar bilan aloqalarni bog‘lab,  mamlakatimizga yangi innovatsion texnologiyalarni olib kelish, investitsiyaviy loyihalarni amalga oshirish hamda istiqbolli hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish masalalari BMB Trade Group kompaniyasi oldida turgan asosiy va ustuvor maqsadlardan biri ekanligi alohida ta’kidlab o‘tildi.

Uchrashuvda mamlakatimizning Xitoy Xalq Respublikasidagi diplomatik korpus rahbari bilan yirik kompaniya vakillarining O‘zbekistonga tashrifini tashkillashtirish va ular bilan “B2B” formatida uchrashuvlar o‘tkazishga kelishib olindi.

O‘rni kelganida shuni ham ta’kidlab o‘tish lozimki, Xitoy Xalq Respublikasi mamlakatimizning ishonchli va mahsulot aylanmasida eng yirik hamkorlaridan biri bo‘lib, savdo-iqtisodiy hamkorlik o‘zaro manfaatli asosda amalga oshirib kelinmoqda.

Shu bilan birga, Xitoy bozori jahon miqyosida o‘zining ko‘lami bilan yetakchi o‘rinlardan birini egallab keladi va O‘zbekistonda yetishtirilgan mahsulotlarini shu jumladan, dunyoda e’tirof etib kelinayotgan BMB Za’faron mahsulotini sotish uchun eng qulay maydonlardan biri sanalishi shubhasiz.