O‘zbekistonda “YI – Markaziy Osiyo” birinchi turizm forumini o‘tkazish taklif qilindi

28-oktabr kuni Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Yevropa kengashi Prezidenti Sharl Mishel uchrashuv o‘tkazdilar. Samimiy va do‘stona ruhda o‘tgan muzokaralar chog‘ida Prezident Shavkat Mirziyoyev va Prezident Sharl Mishel keyingi yillarda O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqi o‘rtasidagi munosabatlar sifat jihatidan yangi darajaga ko‘tarilgani va keng ko‘lamli tus olganini tasdiqladilar.

Yevropa kengashi Prezidenti O‘zbekiston rahbariyatining gender tenglikni ta’minlash, xotin-qizlar, yoshlar va bolalarning huquq va manfaatlarini qo‘llab-quvvatlash masalalariga e’tibori ortib borayotganini mamnuniyat bilan ta’kidladi hamda YI ushbu sohalardagi loyiha va dasturlarni amalga oshirishga har tomonlama ko‘makni davom ettirishga tayyorligini bildirdi. Yevropa Ittifoqi inson huquqlari va asosiy erkinliklarini to‘liq hurmat qilish muhimligini qayd etdi.

Tomonlar YIning Markaziy Osiyo bo‘yicha strategiyasi bajarilishini jadallashtirish maqsadida birgalikda chora ko‘rish zarurligiga alohida e’tibor qaratdilar hamda 2022-yil 18-noyabr kuni Samarqand shahrida “YI – Markaziy Osiyo” formatida o‘zaro bog‘liqlik bo‘yicha “Barqaror taraqqiyot uchun “Global darvoza” konferensiyasining o‘tkazilishini olqishladilar.

Prezidentlar portlarning quvvatlarini kengaytirish, parom va temir yo‘l parklarini kengaytirish, bojxona tartib-taomillarini uyg‘unlashtirish, yuklar bilan ishlash va chegaralardan o‘tish uchun raqamli yechimlarni joriy qilish muhimligini qayd etdilar.

Tomonlar O‘zbekiston uchun 2021-2027-yillarga mo‘ljallangan YIning moliyaviy-texnik ko‘magiga doir ko‘p yillik indikativ dasturi tasdiqlangani va amalga oshirilishi boshlanganini olqishladilar.

Ular raqamlashtirish, “yashil” iqtisodiyot, energetik samaradorlik va suvdan foydalanish sohalarida o‘zaro manfaatli hamkorlik uchun mavjud salmoqli salohiyatdan foydalanish, shu jumladan Yevropaning ilg‘or tajribasini joriy qilish va ushbu sohalarda qo‘shma loyihalarni amalga oshirish muhimligini qayd etdilar.

O‘zbekiston tomoni 2023-yilda O‘zbekistonda “YI – Markaziy Osiyo” birinchi turizm forumini o‘tkazishni taklif qildi.