O‘zbekistonning Kiyevdagi elchixonasi Ukrainada bo‘lib turgan yurtdoshlarimizga murojaat yo'lladi

O‘zbekistonning Kiyevdagi elchixonasi Ukraina hududida bo‘lib turgan hamyurtlarimizga murojaat qildi. Bayonotda fuqarolardan “tasdiqlanmagan, feyk ma’lumot tarqatmaslik va vahimaga berilmaslik” so‘ralgan.
«Elchixona Ukraina davlat organlari, diplomatik korpus va yurtdoshlarimiz bilan doimiy aloqada, - deyiladi murojaatda.
Shuningdek, mamlakatimiz diplomatiya vakolatxonasi «Uzbekistan airways» aviakompaniyasi muntazam ravishda Kiyevga havo qatnovlarini amalga oshirayotgani va xohlagan fuqarolar Kiyev - Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha O‘zbekistonga qaytishi mumkinligini ham ma’lum qilgan.
Eslatib o‘tamiz, «Uzbekistan airways» kecha Toshkent–Kiyev-Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha navbatdagi havo qatnovini amalga oshirdi. Aviakompaniya veb-saytida ma’lum qilinishicha, har ikki yo‘nalishda navbatdagi havo qatnovlari 16 va 20-fevral kunlariga rejalashtirilgan.






