«O‘zbekneftgaz» va Uzbekistan Airways va aeroportlar xususiy sektor boshqaruviga beriladi

Joriy yilning 1-maygacha "O'zbekneftgaz", iyun oyigacha Toshkentdagi aeroportlar va sentyabr oyigacha Uzbekistan Airways kompaniyalari xususiy sektorga topshiriladi.

Prezident 8 aprel kuni «Tadbirkorlik muhitini yaxshilash va xususiy sektorni rivojlantirish orqali barqaror iqtisodiy o‘sish uchun shart-sharoitlar yaratish borasidagi navbatdagi islohotlar to‘g‘risida»gi farmonni imzoladi.

Unga ko‘ra, 1 maygacha tajribali investitsiya bankini jalb etib, 2022 yil yakunigacha «O‘zbekneftgaz» kompaniyasining, shu jumladan, aksiyalarini ommaviy joylashtirish (IPO) orqali kamida 49 foiz ulushini, shuningdek, «Issiqlik elektr stansiyalari» AJdagi 51 foiz va undan yuqori miqdordagi davlat ulushini xususiylashtirish ishlarini boshlash rejalashtirilmoqda.

1 sentabrgacha «Uzbekistan airways» kompaniyasi ustav kapitalidagi 51 foiz va undan yuqori miqdordagi davlat ulushining savdoga chiqarilishini, shu jumladan, aksiyalarini ommaviy joylashtirish (IPO) ishlarini boshlash ham ko‘zda tutilgan.

2 oyda «Uzbekistan Airports» kompaniyasining Toshkent shahridagi va hududiy xalqaro aeroportlarini modernizatsiya qilish va operatsion samaradorligini oshirish uchun xususiy sektorga davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida boshqaruvga berish bo‘yicha qaror loyihasi Vazirlar Mahkamasiga kiritiladi.