Parijda oʼzbek zargarlik buyumlari namoyish etiladi

Mass-media fondi raisi oʼrinbosari Saida Mirziyoyeva o’z Instagram sahifasida qayd etishicha, Fransiya poytaxtidagi Аrab dunyosi institutida 23-noyabr kuni “Samarqandga yoʼl. Ipak va oltin moʼjizalari” koʼrgazmasi ochiladi.

“23-noyabr kuni Parijdagi Аrab dunyosi institutida Oʼzbekistonning XIX asr oʼrtalaridan to XX asr boshlarigacha boʼlgan davri mobaynida yaratilgan noyob xalq amaliy sanʼati asarlarini namoyish etuvchi koʼrgazma ochiladi. Fransiyada ilk bor xalqaro jamoatchilik diqqat-eʼtiboriga yurtimizning 9 ta yirik muzeylaridan 300 dan ortiq ashyolar, jumladan, toʼqimachilik, liboslar, poyabzal, bosh kiyimlar, zargarlik buyumlaridan iborat sara toʼplamlar, shuningdek, Nukus, Samarqand va Buxoroning eng yirik muzeylaridan Turkiston va rus avangardiga taalluqli 24 ta moʼyqalam asarlari taqdim etiladi.

Koʼrgazma Oʼzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Madaniyat va sanʼatni rivojlantirish jamgʼarmasi tashabbusi va Аrab dunyosi instituti hamkorligida tashkil etiladi. Koʼrgazma Bosh kuratori Yaffa Аssulin hisoblanadi.

Аminmanki, ushbu yirik loyiha Oʼzbekiston va Fransiya oʼrtasidagi madaniyatlararo hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqadi, tashrif buyuruvchilar uchun esa mintaqaga xos amaliy va tasviriy sanʼatning betakror yutuqlarini kashf ettiradi”,- deya qayd etgan Saida Mirziyoyeva.