Parlament soʼrovidan maqsad - xotin-qizlarga munosib ish sharoiti yaratish

Senatning yigirma toʼqqizinchi yalpi majlisida yengil sanoat va charm sanoati korxonalarida xotin-qizlarning mehnat huquqlarini himoya qilishning holati yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga yuborilgan parlament soʼrovining ijrosi koʼrib chiqildi.
Qayd etilganidek, parlament soʼrovida koʼrsatilgan muammoli masalalarni bartaraf etish maqsadida muayyan ishlar amalga oshirilgan. Xususan, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, “Oʼzto'qimachiliksanoat” va “Oʼzcharmsanoat” uyushmalari tomonidan muammoli masalalarni bartaraf etish boʼyicha chora-tadbirlar ishlab chiqilgan.
Shu bilan birga, Senatning Xotin-qizlar va gender tengligi masalalari qoʼmitasi tahlili, senatorlar, mahalliy Kengash deputatlari hamda tegishli vazirlik va idoralar mutaxassislaridan iborat ishchi guruhining tarmoq korxonalarida oʼtkazilgan oʼrganishlari parlament soʼrovida koʼtarilgan masalalarning ijrosi toʼliq taʼminlanmagan hamda sohada qator kamchilik va muammolar hanuzgacha oʼz yechimini topmaganini koʼrsatdi.
Soha korxonalarida mehnatni muhofaza qilish boʼyicha amalga oshirilgan ishlar yuzasidan vakolatli davlat organlari hisobotlarini tizimli ravishda eshitib borish yoʼlga qoʼyilmagan. Toʼqimachilik korxonalarida ishlayotgan ayollarning 48 foizi, charm-sanoat korxonalarida ishlayotgan ayollarning 67 foizi iqtisodiyotning boshqa tarmoqlaridagi oʼrtacha oylik ish haqiga nisbatan 3-4 baravar kam oylik maosh olib ishlayotganligi maʼlum boʼldi.
Muhokamalar jarayonida senatorlar parlament soʼrovida qoʼyilgan masalalar puxta oʼrganilmaganligi, unda koʼrsatilgan muammolar, jumladan xotin-qizlar uchun qulay va xavfsiz mehnat sharoitlarini yaratish, ularga munosib ish haqi toʼlash, ish beruvchilarning masʼuliyatini oshirish yuzasidan taʼsirchan choralar koʼrilmaganligiga tanqidiy munosabat bildirdilar. Hamda ushbu masala yuzasidan Senatning tegishli qarori qabul qilindi.






