Parlamentlararo ittifoq O‘zbekiston parlament islohotlarini qo‘llab-quvvatlaydi

Shu kunlarda Avstriya poytaxtida Parlamentlararo ittifoq tomonidan BMT va Avstriya parlamenti bilan hamkorlikda tashkil etilgan Ayol spikerlarning 13-sammiti va Parlamentlar rahbarlarining 5-butunjahon konferensiyasi bo‘lib o‘tmoqda.
Ularda Senat Raisi Tanzila Narbayeva boshchiligidagi O‘zbekiston parlament delegatsiyasi ishtirok etmoqda.
6 sentabr kuni Senat rahbari Parlamentlararo ittifoq Bosh kotibi M.Chungong bilan uchrashuv o‘tkazdi. Unda O‘zbekistonning ushbu tashkilot bilan hamkorligi, kun tartibidagi eng ustuvor masalalar muhokama qilindi.
M.Chungongning fikricha, joriy yilning iyun oyida Buxoroda Barqaror rivojlanish maqsadlarini amalga oshirishda Parlamentlararo global hamkorlik xalqaro forumining muvaffaqiyatli o‘tkazilishi, uning yakunlari bo‘yicha qabul qilingan Buxoro deklaratsiyasi bu jarayonlarga qonun chiqaruvchi organlarning bevosita jalb etilishida barqaror rivojlanish kun tartibini yanada keng qamrovli, ochiq va oshkora amalga oshirishga xizmat qiladi.






