Pavel Durov BAA fuqaroligini oldi

Forbes xabariga ko’ra, 2017-yildan buyon Dubayda istiqomat qilayotgan Telegram asoschisi Pavel Durov 2021-yilning fevral oyida BAA fuqaroligini qabul qildi va bu milliarderning to‘rtinchi fuqaroligi hisoblanadi.

Ayni damda Durov bir vaqtning o'zida to'rtta davlat - Rossiya, Karib dengizida joylashgan Sent-Kits va Nevis shtati, Fransiya va Birlashgan Arab Amirliklarining fuqarosi sanaladi.

2021-yil fevral oyida Durov Dubay valiahd shahzodasi shayx Hamdan bin Muhammad bin Rashid al-Maktum bilan uchrashdi. Shayx BAA bosh vazirining o‘g‘li. Uchrashuv Dubayda bo'lib o'tgan, uning maqsadlari va natijalari haqida o'shanda xabar berilmagan.

Shayx bilan uchrashuvda Durov “Dubay taklif qilayotgan startap ekotizimi, rivojlangan infratuzilma va biznes uchun qulay qonunchilik uni global miqyosga chiqishga intilayotgan iqtidorlar va tadbirkorlar uchun markazga aylantirganini” ta’kidladi.

Durov 2017-yilda Dubai Media City erkin iqtisodiy zonasidagi majmua minoralaridan birining 23-qavatida Telegram shtab-kvartirasini ochgan edi. U mamlakatga ko‘chib o‘tish qarorini DMCda soliqlar yo‘qligi va “yiliga 180 kun hukumat uchun ishlash”ni istamasligi bilan izohladi.

2013-yilda Durov Sent-Kits va Nevis orol shtati fuqaroligini oldi, uning so'zlariga ko'ra, u hech qachon u yerda bo'lmagan. "Bu qulay vaziyat, chunki bu sizga YeI va Buyuk Britaniyaga vizasiz sayohat qilish imkonini beradi", deb ta'kidladi Durov "VKontakte"dagi sahifasida.

2021-yil avgust oyida esa Fransiya hukumati Pavel Durovga Fransiya fuqaroligini berish to‘g‘risidagi farmonni e’lon qildi. Fransiyaning yangi fuqarosining tug‘ilgan sanasi va joyi Telegram asoschisi ma’lumotlariga to‘g‘ri keldi. Farmonda Durov aynan nima uchun fuqarolikni olgani aytilmagan.

2022-yil aprel oyi oʻrtalarida Durov Amerikaning Forbes jurnalidan uni rossiyalik milliarder demaslikni soʻradi. "Pavel ko'p yillar oldin Rossiyani tark etgan va qaytib kelmaydi", dedi uning vakili nashrga.