Paxta va ip-kalava qayta ishlanishini tizimli tashkil etish uchun Respublika komissiyasi tuziladi

Paxta xom ashyosi va ip-kalavani qayta ishlashni tizimli tashkil etish uchun Bosh vazir oʼrinbosari S.Umurzakov boshchiligida Respublika komissiyasi tuzilishi belgilandi.

Komissiyaning asosiy vazifasi 9 milliard dollarlik mahsulot ishlab chiqarish rejasini har bir viloyat, tuman va shahar, qolaversa, klaster kesimida belgilash va ijrosini tashkil etish hisoblanadi.

Klasterlar paxtadan ip-kalavagacha ishlab chiqarish zanjirini joriy etishga masʼul boʼladi.

Аgar klasterning oʼzida xohish boʼlsa, bemalol oʼzi qayta ishlashni toʼliq siklda amalga oshirishi mumkin.

Bundan buyon, alohida industrial zonalar tashkil qilinib, ularda tayyor mahsulot ishlab chiqaruvchilar uchun barcha sharoitlar yaratib beriladi.

Komissiya elchilar va klasterlar bilan birga bu industrial zonalar boshqaruviga chet el kompaniyalarini jalb qilib, nufuzli brendlarni olib keladi.