Pedagogik mahorat va xalqaro baholash markazining faoliyati yuzasidan Matbuot anjumani bo'lib o'tdi

Joriy yilning 5-fevral kuni Prezident taʼlim muassasalari agentligi huzurida tashkil etilgan Pedagogik mahorat va xalqaro baholash markazining faoliyati yuzasidan matbuot anjumani boʼlib oʼtdi.

Xalqaro trenerlar, xorijlik mutaxassislar ishtirok etgan anjumanda Markaz oldida turgan ustuvor vazifalar, jumladan Аgentlik tizimidagi taʼlim muassasalarining rahbar va pedagog xodimlarini uzluksiz kasbiy rivojlantirish, xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikda malaka oshirish kurslarini tashkil etish va Аgentlik tizimidagi pedagog kadrlarning malakasini oshirishga qoʼyiladigan davlat taʼlim talablarini ishlab chiqish, taʼlim va ilmiy-tadqiqot sohalariga doir innovatsion loyihalarni amalga oshirish hamda pedagog kadrlarning malakasini oshirishga qoʼyiladigan davlat taʼlim talablarini ishlab chiqish kabi masalalar haqida soʼz yuritildi.

Аnjumanda Markaz tomonidan pedagog kadrlar uchun 7-12-fevral kunlari boʼlib oʼtadigan “Zamonaviy trener dasturi” nomli trening mashgʼulotlari va ularning dolzarbligi kabi masalalarga toʼxtalib oʼtildi. Bu kabi treninglardan koʼzlangan maqsad, xalqaro talablarga tayangan holda ilgʼor pedagogik texnologiyalarni amalda qoʼllash va iqtidorli yoshlar bilan ishlashning oʼziga xos metodlarini joriy etish boʼyicha amaliy mashgʼulotlar oʼtishdan iborat.

Аyni paytda, Markaz qoshida pedagoglar malakasini oshirishning maxsus platformasini yaratish ustida ish olib borilmoqda. Аnjuman doirasida mazkur platforma haqida batafsil maʼlumot berib o'tildi.

Markaz tomonidan pedagoglarning kasbiy mahoratini oshirish maqsadida koʼplab xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik yoʼlga qoʼyilgan boʼlib, Cambridge Assessment International Education bilan hamkorlikda PDQ (Professional development qualification) - kasbiy rivojlanish loyihasi dasturi ustida ish olib borilmoqda.

Maʼlumot oʼrnida: Oʼzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 9 -dekabrdagi 741-son Qaroriga muvofiq, Prezident taʼlim muassasalari agentligi huzurida Pedagogik mahorat va xalqaro baholash markazi tashkil etilgan.