Pensiyadagi shifokorlarga uyida oilaviy shifoxona ochishga ruxsat beriladi

Har yili 2 mingdan ziyod malakali shifokorlar pensiyaga chiqadi. Kelib tushgan murojaatlarda ularning 60 foizi oʼz faoliyatini davom ettirish istagini bildirgan.
"Birlamchi tizim qamrovini kengaytirish va yuklamani kamaytirish maqsadida, biz endilikda bunday tajribali shifokorlarning yakka tartibdagi oilaviy shifokorlik faoliyatini yuritishiga ruxsat beramiz.
Buning uchun:
alohida klinika ochish talab etilmaydi, balki bu toifadagi shifokorlar oʼz uyida yoki ijaraga olingan binoda tibbiy xizmatlar koʼrsatishi mumkin boʼladi;
yakka tartibdagi oilaviy shifokorlarga, aholiga bepul koʼrsatilayotgan xizmatlari uchun toʼlov bosqichma-bosqich Davlat tibbiy sugʼurta jamgʼarmasi orqali beriladi.
Ushbu tajribani dastlab Sirdaryo viloyatida boshlaymiz. Keyinchalik zarur tayyorgarlikni koʼrib, bosqichma-bosqich barcha hududlarda joriy etiladi", dedi Prezident.






