Pentagon: Tojikiston va Oʻzbekistonda joylashgan afgʻon vertolyotlari Tolibonga berilmaydi

Pentagonning bildirishicha, Afgʻoniston armiyasining sobiq vertolyotlari Qobul qulaganidan keyin Tojikiston va Oʻzbekistonga uchib kelgan. Tolibon vakillari bir necha bor Tojikiston va O‘zbekistonni ushbu vertolyotlarni Afg‘onistonga qaytarishga chaqirgan. Avvalroq OAV da Dushanbe va Toshkent maʼlum miqdordagi vertolyotlarni qoldirish huquqini berishni soʻrab AQSh ga murojaat qilgani haqida xabarlar tarqalgan edi.
Pentagon matbuot kotibi Jon Kirbi 18-yanvar kuni boʻlib oʻtgan navbatdagi brifing chogʻida jurnalistning vertolyotlar taqdiri haqidagi savoliga javob berar ekan, ular hali ham bu masala ustida ishlayotganliklarini aytdi. “Ammo ular Afg‘onistonga Tolibon tomonidan foydalanish uchun yuboriladi deb o‘ylamayman”, — deya qo‘shimcha qildi u.

Shu bilan birga, Pentagon matbuot kotibining ta'kidlashicha, vertolyotlarning taqdiri haqidagi munozaralar hali ham davom etmoqda.

Pentagon bayonoti dunyoda tan olinmagan Tolibon hukumatidagi vazirlardan biri oʻtgan hafta Tojikiston va Oʻzbekistonni avvalgi hukumat qulaganidan keyin Oʻzbekiston va Tojikistonga olib ketilgan samolyot va vertolyotlarni Afgʻonistonga qaytarishi kerakligi haqida ogohlantirganidan keyin yangragan. Afg‘oniston mudofaa vaziri vazifasini bajaruvchi Mavlaviy Muhammad Yoqub (Mulla Umarning o‘g‘li, “Tolibon” harakati asoschisi) 11 yanvar kuni Afg‘oniston harbiy-havo kuchlarining Qobulda o‘tkazgan mashg‘ulotlari chog‘ida Tojikiston va O‘zbekiston “Bu borada afg‘onlarning sabr-toqatini sinovdan o‘tkazmasligi kerak”, dedi.

“Siz bilan birga boʻlgan samolyotlarimiz, agar ular Tojikiston yoki Oʻzbekistonda boʻlsa, bizga qaytarilishi kerak. Samolyotlarimiz xorijda qolishiga va u yerda ishlatilishiga hech qachon ruxsat bermaymiz”, dedi u.