Pokiston hamda Turkmaniston bilan qo'shma transport kompaniyalari

Prezident Shavkat Mirziyoyev 9-avgust kuni xalqaro transport yo‘laklarini rivojlantirish va diversifikatsiya qilish bo‘yicha taqdimot bilan tanishdi.

Qayd etilishicha, mamlakatimiz mahsulotlari xorijga, asosan, 9 ta transport yo‘lagi orqali tashiladi. Taqdimotda har bir transport yo‘lagi bo‘yicha dolzarb masalalar va ularni hal etish bo‘yicha takliflar muhokama qilindi.

“Transport sohasini rivojlantirish iqtisodiyotning raqobatbardoshligini oshirish uchun muhim zamin. Transportda yuk tashish tannarxi past bo‘lsa, ham eksport, ham investitsiya ko‘payadi”, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Transport vazirligiga tadbirkorlar uchun eng maqbul yo‘llarni taklif etish va ularning transport xarajatlarini qisqartirish vazifasi qo‘yildi.

Yevropaga eksport yuklarini tashish uchun qo‘shimcha ruxsatlar olish muhimligi ta’kidlandi. Avtomobilda yuk tashish uchun Pokiston va Turkmaniston bilan qo‘shma transport kompaniyalari tashkil etish taklifi bildirildi.

“Qo‘ng‘irot-Beynov” xalqaro avtomobil yo‘li rekonstruksiyasini jadallashtirish, yuk vagoni ishlab chiqarish quvvatlarini to‘liq ishga solish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.