Poraxo‘rlik va tanish-bilishchilikka yo‘l qo‘ygan ayrim hokimlar Prezident tomonidan ishdan bo’shatildi

 
"Marralarimiz juda yuqori, xalqimiz bizdan amaliy natijalar kutayapti. Mana, bugun 10 ta rahbarni ishdan oldim. Bundan buyon ishlamagan rahbarlarga chora juda qattiq bo‘ladi. Bundan hamma xulosa qilishi kerak", - dedi Prezident Shavkat Mirziyoyev.
 
Prezident Shavkat Mirziyoyev Samarqand viloyatiga tashrifi yakunida hokimlar va sektor rahbarlari ishtirokida yig‘ilish o‘tkazdi. Tanqidiy ruhda o‘tgan yig‘ilishda shahar va tumanlardagi dolzarb iqtisodiy-ijtimoiy masalalar ko‘rsatib o‘tildi. Ayrim hokimlar poraxo‘rlik, tanish-bilishchilikka yo‘l qo‘ygan, odamlar dardiga be’tibor bo‘lgan. Zarur mablag‘lar ajratilgan bo‘lsa-da, ichimlik suvi, issiqlik va elektr ta’minotini yaxshilash ishlari sust tashkil etilgan.
 
Faoliyatida jiddiy xato va kamchiliklarga yoʼl qoʼygani uchun:
Samarqand tumani hokimi N.Mavlonov;
Nurobod tumani hokimi F.Zairov;
Markaziy bankning viloyat boshqarmasi rahbari O.Toʼxtaev,
Oqdaryo tumani prokurori D.Kubaev;
Samarqand shahri, Samarqand va Oqdaryo tumanlari ichki ishlar boʼlimlari boshliqlari J.Qodirov, F.Gafarov va D.Ibragimov;
Urgut va Payariq tumanlari davlat soliq inspektsiyalari boshliqlari А.Аlmazov va M.Ergashev;
viloyat elektr tarmoqlari korxonasi rahbari Gʼ.Mamatqulov ishdan olindi.
 
Ularning baʼzilariga nisbatan toʼplangan, shu jumladan korrupsiya holatlari toʼgʼrisidagi maʼlumotlar asosida jinoiy ish ochish masalasi oʼrganib chiqiladi.
 
Shu bilan Prezident Samarqand viloyatiga tashrifini yakunlab, Toshkentga qaytdi.