Poytaxt ko‘chalaridan biriga Mustafo Kamol Otaturk nomi beriladi

Toshkent ko‘chalaridan biriga Turkiyaning birinchi prezidenti Mustafo Kamol Otaturk nomi berilishi kutilmoqda.
Joriy yilning, 1-mart kuni Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev Turkiyaning O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor Elchisi Olgan Bekar bilan uchrashdi, deya xabar berdi hokimlik matbuot xizmati.
Ma’lumotda ta’kidlanishicha, mart oyining oxirida bo‘lib o‘tadigan II strategik hamkorlik bo‘yicha sammit doirasida Turkiya prezidenti Rejep Tayyib Erdo‘g‘on O‘zbekistonga tashrif buyurishi kutilmoqda.
Shu bilan birga, taraflar Turk maktabini kengaytirish uchun yer maydonini ajratish, Turkiyaning birinchi prezidenti Mustafo Kamol Otaturk nomini Toshkent ko‘chalaridan biriga berish va Toshkentda qurilish bilan shug‘ullanayotgan turk kompaniyalarining masalalarini muhokama etdilar.
PS: Toshkentda Mustafo Kamol Otaturk ko‘chasi avval ham bo‘lgan. Mirobod va Yunusobod tumanlarida joylashgan Mustafo Kamol Otaturk ko‘chasi 2011-yilda Zarafshonga o‘zgartilgan edi.






