Poytaxtimizda Zamonaviy sanʼat markazi loyihalari va ilk art rezidensiyalarning taqdimoti boʻlib oʻtdi

17-may kuni O‘zbekiston madaniyati va san’atini rivojlantirish jamg‘armasi hamda Fransiyaning Studio KO arxitektura byurosi: Toshkent shahrining “Namuna” va “Xast Imom” mahallalaridagi Zamonaviy san’at markazi maskanlarini ta’mirlash yuzasidan loyiha taqdimotini o‘tkazdi.

Arxitektorlar ish bosqichlari haqida so’z yurutib, bo‘lajak binolar va makonlarning 3D modellari hamda vizualizatsiyasini, shuningdek, taniqli maketchi, Atelier Misto asoschisi Mitza Muchiarelli tomonidan yaratilgan Zamonaviy san’at markazining maketini taqdim etdilar.

Ikkinchi taqdimot Toshkent shahrining tarixiy qismida: YuNESKOning Butunjahon madaniy merosi roʻyxatiga kiritilgan “Namuna” va “Xast Imom” mahallalarida badiiy maskanlar yaratish loyihasiga bagʻishlandi.

Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi poytaxtimizdagi tarixiy mahallalarni, ularning o‘ziga xosligi va madaniy-tarixiy merosini yanada asrab-avaylash borasidagi ishlarni davom ettirib, Toshkentning Eski shahar hududida san’at maskanlari barpo etish tashabbusi bilan chiqmoqda. Loyiha Studio KO arxitektura firmasi bilan hamkorlikda amalga oshiriladi.

Ijodiy makonni tashkil qilish uchun ikkita obyekt belgilangan. Birinchisi Namuna mahallasida joylashgan bo‘lib, Matkarimboy madrasasi an’anaviy me’moriy qiyofasini saqlab qolgan holda badiiy maydon yaratish hududi sifatida qayta tiklanadi. Shuningdek, ikkinchi majmua Xast Imom mahallasidagi sobiq maktabgacha ta’lim muassasasi binosida joylashgan.

Shuningdek, Toshkent sanʼat maskanlarida ijodiy ustaxonalar, turar-joy binolari, koʻrgazma maydoni, kutubxona va kovorking tashkil etiladi. Art rezidensiyalarning dizayn konsepsiyasi Studio KO arxitektura byurosi tomonidan jahon standartlarini hisobga olgan holda ishlab chiqiladi.