Prezident faol yoshlarni taqdirladi

Bugun Respublikamiz bo’ylab Yoshlar kuni keng nishonlanmoqda. Shu munosabat bilan Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev “Mamlakat yosh avlodining bir guruh faol va tashabbuskor vakillarini mukofotlash to‘g‘risida”gi farmonni imzoladi.
Mamlakatimiz yoshlarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, davlat va jamiyat hayotidagi faolligini oshirish maqsadida o‘z xohish-irodasini, bilim va salohiyatini, iqtidor va qobiliyatini namoyon etib, turli yo‘nalishlarda muvaffaqiyatlarga erishayotgan bir qator tashabbuskor va ilg‘or navqiron avlod vakillari o‘rtasida turli sohalarda yangi O‘zbekiston ravnaqiga munosib hissa qo‘shish, uning jahon miqyosida shuhratini oshirish, tengdoshlariga o‘rnak bo‘layotgani uchun davlatimiz rahbari Yoshlar kuni munosabati bilan “Mamlakat yosh avlodining bir guruh faol va tashabbuskor vakillarini mukofotlash to‘g‘risida”gi farmonni imzoladi.
Hujjatga muvofiq, 40 nafardan ortiq yoshlar “Kelajak bunyodkori” medali sohibi bo‘ldi.
Shuningdek, Prezidentimiz “Mard o‘g‘lon” Davlat mukofoti bilan taqdirlash to‘g‘risida”gi qarorni ham imzoladilar. Unga ko’ra, 30 nafarga yaqin yigit-qiz bazaviy hisoblash miqdorining 50 baravari miqdorida pul mukofoti bilan taqdirlanadi.
Ma’lumot o’rnida, ushbu bayram O‘zbekiston Prezidenti tomonidan tasdiqlangan bo’lib, 2017-yilda “O‘zbekiston Respublikasi Yoshlar kunini belgilash to‘g‘risida”gi qonun imzolandi. Har yili ushbu sana arafasida mamlakatimizda turli tadbirlar o‘tkazilib kelinmoqda.






