Prezident farmoni bilan bir guruh harbiylar va huquqni muhofaza qilish organlari xodimlari mukofotlandi

Prezident Shavkat Mirziyoyev Oʼzbekiston Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 31 yilligi hamda Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan harbiy xizmatchilar va huquqni muhofaza qilish organlari xodimlaridan bir guruhini mukofotlash toʼgʼrisidagi farmonni imzoladi.
Unga ko’ra, mamlakatimiz mudofaa qudratini mustahkamlash, Qurolli Kuchlarimizning jangovar salohiyatini yuksaltirish, professional milliy armiyani shakllantirish, davlat xavfsizligi va chegaralarimiz daxlsizligini ta’minlashdagi katta xizmatlari, jamiyatda tinchlik va barqarorlikni, xalqimiz osoyishtaligini saqlash, fuqarolarning huquq va erkinliklari, qonuniy manfaatlarini himoya qilish borasidagi ibratli faoliyati, sharafli va muqaddas burchini bajarishda mardlik va jasorat ko‘rsatgani, yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashga qo‘shgan munosib hissasi uchun harbiy xizmatchilar va huquqni muhofaza qilish organlari xodimlaridan bir guruhi II darajali “Shon-sharaf” ordeni bilan, “Mardlik” ordeni bilan, “Do‘stlik” ordeni bilan, II darajali “Salomatlik” ordeni bilan, “Jasorat” medali bilan, “Sodiq xizmatlari uchun” medali va “Shuhrat” medali bilan mukofotlandilar.






