Prezident futbol maktabini ko‘zdan kechirdi

Shavkat Mirziyoyev Bekobod shahriga tashrifi davomida «Metallurg» futbol klubi qoshidagi «El Golazo» futbol akademiyasida bo‘ldi.

Ushbu maktab Ispaniyaning taniqli «Real Madrid» klubi jamg‘armasi ko‘magida tashkil etilgan bo‘lib, o‘tgan yili oktabrda faoliyat boshlagan. Tabiiy va sun’iy chimli stadionlar, fitnes zali, o‘quv binolari va yotoqxonada zamonaviy sharoitlar yaratilgan.

O‘quv-mashg‘ulotlari “Real Madrid” futbol klubi an’analariga mos ravishda olib boriladi. Murabbiylarning uch nafari ispaniyalik.

Bugungi kunda akademiyada 200 nafardan ortiq o‘quvchi saboq olmoqda. Bu yerda o‘qish istagidagi yoshlar ko‘p. Shu bois 11 yoshdan 17 yoshgacha bolalar tanlov asosida qabul qilinadi. Yaqinda 48 nafar iqtidorli tarbiyalanuvchi Ispaniyada mahorat oshirib keldi.

Davlatimiz rahbari akademiyada yaratilgan sharoitlarni ko‘zdan kechirdi, bolalar bilan suhbatlashdi.

"Shunday zamonaviy sharoitlarda o‘qiyotganingiz, yonib turgan ko‘zlaringizni ko‘rib, xursand bo‘ldim. Kelgusida sizlardan mashhur futbolchilar, chempionlar yetishib chiqishiga ishonaman. Eng muhimi, sog‘lom bo‘lib ulg‘ayasiz, farzandlaringizni ham sportga oshno qilib tarbiyalaysiz. Maqsadimiz - yoshlar o‘rtasida ana shunday muhitni shakllantirish",- deya ta'kidladi Prezident.

Shu bilan Prezidentimiz Bekobod shahriga tashrifini yakunlab, Toshkentga qaytib keldi.