Prezident Navro’z bayramini nishonlash to’g’risidagi qarorni imzoladi

Prezident Shavkat Mirziyoyev 2022-yilgi Navro‘z umumxalq bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni nishonlash to‘g‘risidagi qarorni imzoladi.
Unga ko’ra 2022-yilgi Navro‘z umumxalq bayrami mamlakatimizda “Assalom, Navro‘z – yangilanish, mehr-oqibat va qadr-qimmat ayyomi!” degan bosh g‘oya asosida umumxalq sayllari shaklida ko‘tarinki ruhda va yuqori saviyada nishonlanadi.
Navro‘z kunlarida inson va tabiat o‘rtasidagi uyg‘unlik, ona zaminga mehr va e’tibor yaqqol o‘z ifodasini topishini aks ettiradigan, atrof-muhitni, uning ne’matlarini asrab-avaylash, bugungi tinch hayotni qadrlab, shukronalik tuyg‘usi bilan yashashga, inson qadrini ulug‘lashga da’vat etadigan ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarni uyushtiriladi.
Shuningdek, bayram munosabati bilan Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari va faxriylari, keksa avlod vakillarini har tomonlama e’zozlash, Mehribonlik va Muruvvat uylari tarbiyalanuvchilari, Saxovat uylarida yashayotganlar, “Temir daftar”, “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari” va “Mehr daftari”ga kiritilgan hamda ko‘makka muhtoj insonlarning holidan xabar olish, ularga beg‘araz yordam berish bilan bog‘liq xayriya tadbirlari amalga oshiriladi.






