Prezident Shavkat Mirziyoyev: Ko‘p asrlik do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va keng ko‘lamli hamkorlikni mustahkamlashning qat'iy tarafdorimiz

Davlat tashrifining asosiy tadbirlaridan soʻng ommaviy axborot vositalari vakillari uchun brifing boʻlib oʻtkazildi.

Prezidentlar har doimgidek ochiq, ishonchli va ishchan muhitda o‘tgan muzokaralar natijalaridan mamnunligini bildirdilar.

Xususan, muzokaralarda O'zbekiston bilan Qozog'iston o'rtasidagi ko'p qirrali, o'zaro manfaatli hamkorlikni ikki tomonlama va mintaqa kun tartibidagi barcha yo'nalishlarda yanada rivojlantirish masalalari batafsil ko'rib chiqildi.

Shavkat Mirziyoyev o‘z bayonoti avvalida Qozog‘iston xalqini mustaqillikning 30 yilligi bilan yana bir bor tabrikladi.

So‘nggi yillarda do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va strategik sheriklik munosabatlariga asoslangan O‘zbekiston – Qozog‘iston munosabatlarida ulkan o'zgarishlar ro‘y beryotgani ta’kidlandi.

O‘zbekiston yetakchisi bugun tarixiy qaror qabul qilinib, ikki tomonlama hamkorlikni ittifoqchilik munosabatlari darajasiga ko‘tarilgani, bu birodar xalqlarimizning uzoq muddatli manfaatlaridan kelib chiqib, ularga to'liq mos ekanini qayd etdi.

Brifing davomida madaniyat, fan va taʼlim, sogʻliqni saqlash va turizm sohalarida erishilgan kelishuvlar ham qayd etildi.

– Bugungi murakkab va ziddiyatli dunyoda odamlar ongi va qalbiga, ayniqsa, yosh avlodga ijobiy ta’sir ko‘rsatuvchi madaniyat va ma’naviyatning ahamiyati ortib bormoqda, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Shu munosabat bilan muzokaralarda Qozog‘istonda O‘zbekiston yili va O‘zbekistonda Qozog‘iston yili tadbirlarini muntazam ravishda o‘tkazib borish yuzasidan kelishuvga erishildi. Kelgusi yilda yurtimizda birinchi Yoshlar kongressi hamda Ijodiy va milliy ziyolilar forumi tashkil etiladigan bo'ldi.