Prezident sogʼliqni saqlash sohasi vakillari bilan ochiq muloqot oʼtkazadi

Prezident Shavkat Mirziyoyev joriy yilning 18-mart kuni "Tibbiyotdagi islohotlar inson qadri uchun" mavzusida sogʼliqni saqlash sohasi vakillari bilan ochiq muloqot oʼtkazadi.

Bunday tadbir mamlakatimiz tarixida ilk marotaba oʼtkazilayotgan boʼlib, unda sohani yanada rivojlantirish, tizimli muammolarni bartaraf etish chora-tadbirlari muhokama qilinadi, tibbiyot xodimlarining takliflari eshitiladi.

Ochiq muloqotga tayyorgarlik doirasida tibbiyot xodimlari va aholidan 25 mingdan ortiq murojaat va takliflar kelib tushgan. Ular tahlil qilinib, “Inson qadri uchun” degan ezgu gʼoya asosida yurtimiz sogʼliqni saqlash tizimini yangi bosqichga olib chiqish va xalqimizga tibbiy xizmat koʼrsatish samaradorligi va sifatini oshirishga qaratilgan keng koʼlamli chora-tadbirlar ishlab chiqildi.

Uchrashuvda sohaning barcha boʼgʼinlaridan 10 ming nafardan ziyod xodim ishtirok etishi kutilmoqda.