Prezident Turkiy davlatlar tashkiloti Bosh kotibi bilan Samarqand sammitiga tayyorgarlik masalalarini muhokama qildi

Bugun Ostona shahrida oʼtayotgan Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari boʼyicha kengash sammiti doirasida Oʼzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev oʼziga ajratilgan qarorgohda Turkiy davlatlar tashkiloti Bosh kotibi Bagʼdod Аmreyevni qabul qildi.
Keyingi yillarda tashkilot doirasidagi muloqot faollashib, koʼp qirrali hamkorlik kengayib borayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi.
Joriy yil noyabr oyida Samarqandda boʼladigan sammitga tayyorgarlik koʼrish va uni oʼtkazish jihatlari koʼrib chiqildi.
Davlat rahbarlarining majlisi arafasida kun tartibini hamda savdo, investitsiya, transport, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va gumanitar almashinuv boʼyicha koʼp tomonlama hujjatlarni ishlab chiqish maqsadida vazirlar darajasida qator uchrashuvlar boʼlib oʼtadi.
Tashkilot sammitini puxta tayyorlash uchun ushbu nufuzli mintaqaviy tuzilma kotibiyati bilan yaqindan hamkorlik qilishga kelishildi.






