Prezident Turkmaniston Xalq Maslahati Raisiga tabrik yo‘lladi

Oʼzbekiston Respublikasi va Turkmaniston oʼrtasida diplomatik munosabatlar oʼrnatilganining 30 yilligi munosabati bilan Oʼzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Turkman xalqining milliy yetakchisi, Turkmaniston Xalq Maslahati Raisi Gurbanguli Berdimuhamedovga tabrik yoʼlladi.

“Hurmatli Gurbanguli Myalikguliyevich! Qadrli do‘stim! Sizni aloqalarimiz tarixidagi muhim sana – O‘zbekiston va Turkmaniston o‘rtasida diplomatik aloqalar o‘rnatilganining 30 yilligi bilan samimiy tabriklab, eng ezgu tilaklarimni yo‘llashdan bag‘oyat xursandman.

Sizning yurtingiz va elingiz ravnaqi uchun qilayotgan ulug‘vor va tarixiy ishlaringiz, uzoq istiqbolga yo‘naltirilgan strategiya va dasturlaringiz, olib borgan ko‘lamdor islohotlaringiz natijasida yaqinda betaraf Turkmanistonning Xalq hokimiyati Oliy vakillik organi – Xalq Maslahatining raisi etib tasdiqlandingiz va Turkman xalqining milliy lideri maqomiga sazovor bo‘ldingiz.

Hech shubhasiz, azaliy qardoshlik, boqiy do‘stlik va bir-birini qo‘llab-quvvatlash tamoyillariga asoslangan uzoq muddatli hamda keng qamrovli sherikligimiz bundan keyin ham izchil davom etadi, deb qat’iy ishonaman.

Fursatdan foydalanib, Sizga mustahkam sog‘liq, uzoq umr, oilaviy baxt-saodat, sharafli faoliyatingizda ulkan muvaffaqiyatlar, qardosh turkman xalqiga esa tinchlik-osoyishtalik, davomiy taraqqiyot va farovonlik tilab qolaman”,- deya qayd etilgan tabrikda.