Prezident yangi mis boyitish fabrikasi qurilishiga tamal toshini qo‘ydi

Olmaliq kon-metallurgiya kombinatida 3-mis boyitish fabrikasi qurilishining boshlanishiga bag‘ishlangan marosim bo‘lib o‘tdi.
-Barchangizni bugungi quvonchli voqea – Olmaliq kon-metallurgiya kombinatining yangi mis boyitish fabrikasi qurilishi boshlanayotgani bilan chin qalbimdan tabriklayman, - dedi Prezident Shavkat Mirziyoyev.
“Yoshlik-1” koni negizida qurilayotgan 3-mis boyitish fabrikasi shu boradagi ulkan qadamlardan biridir. Qiymati 2 milliard dollar bo‘lgan ushbu korxona birinchi bosqichda yiliga 60 million tonna rudani qayta ishlash imkonini beradi.
Ikkinchi bosqichda quvvat 160 million tonnaga yetadi yoki bugungi ko‘rsatkichdan 3 barobarga ko‘payadi. Ushbu ikki bosqich amalga oshirilishi natijasida korxona 2028 yilga borib yiliga 400 ming tonna mis, 50 tonna oltin va 270 tonna kumush ishlab chiqarish quvvatiga ega bo‘ladi.
Shu tariqa Olmaliq kombinati tog‘-kon metallurgiyasi sohasida dunyodagi eng yirik sanoat majmualaridan biriga aylanadi.






