Prezidentimiz sportchilarimizga tabrik yo'lladi

Turkiyaning Ko‘nyo shahrida o‘tkazilgan V Islom birdamligi o‘yinlarida ishtirok etgan O‘zbekiston sport delegatsiyasi Toshkent shahrida tantanali kutib olindi va marosim Milliy olimpiya qo’mitasida davom etdi. Shu munosabat bilan Prezident Shavkat Mirziyoyev sportchilarimizga tabrik yo'lladilar.
Davlatimiz rahbari o‘z tabrigida 56 ta davlatdan 4200 nafar sportchi ishtirok etgan ushbu musobaqalarda 51 ta oltin, 42 ta kumush va 65 ta bronza medalini qo‘lga kiritgan milliy terma jamoamiz a’zolari ulkan mahorat, g‘ayrat va matonatini, g‘alabaga bo‘lgan yuksak intilish va irodasini namoyon etganini alohida ta’kidladilar.
Shunday vatanparvar va salohiyatli yigit-qizlarni tarbiyalagani uchun ularning ota-onalariga, ustoz va murabbiylariga o‘z nomidan va butun xalqimiz nomidan minnatdorchilik bildirdilar.
Eslatib o‘tamiz, kecha Prezidentimiz ushbu o‘yinlarda g‘olib va sovrindor bo‘lgan sportchilar hamda ularning trenerlarini bir martalik pul mukofotlari bilan rag‘batlantirish to‘g‘risida qarorni imzoladilar.






