Prezidentimiz Vetnam bilan oʼzaro manfaatli hamkorlikni tubdan kengaytirish lozimligini taʼkidladi

Oʼzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Vetnam Sotsialistik Respublikasi vitse-prezidenti Vo Txi Аn Suan bilan uchrashuv oʼtkazdi. Ikki mamlakat oʼrtasidagi oʼzaro manfaatli hamkorlikning amaliy jihatlari muhokama qilindi.
Uchrashuv avvalida Vetnam delegatsiyasi rahbari Oʼzbekiston yetakchisiga Vetnam Prezidenti Nguen Suan Fukning samimiy salomini yetkazdi.
Muzokaralar chogʼida sholichilik, paxtachilik, goʼsht va sut mahsulotlarini qayta ishlash, kimyo va toʼqimachilik mahsulotlarini, avtomobillar uchun butlovchi qismlar va elektronika ishlab chiqarish kabi istiqbolli yoʼnalishlarda hamkorlik qilish va qoʼshma loyihalarni amalga oshirish uchun mavjud imkoniyatlar qayd etildi.
Ishbilarmonlik aloqalarini faollashtirish va investitsiyaviy sheriklikni kengaytirish maqsadida yaqin oylarda ekspertlar darajasida oʼzaro tashriflar oʼtkazilishi, Hukumatlararo komissiya faoliyati qayta tiklanishi hamda Oʼzbekiston-Vetnam Ishbilarmonlar kengashi tashkil etilishi yuzasidan kelishib olindi.
Parlamentlararo munosabatlarni yoʼlga qoʼyish, taʼlimga oid va boshqa qoʼshma gumanitar dasturlarni amalga oshirish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.






