Prezidentligiga nomzodlarning saylovoldi tashviqoti to‘g‘risida

2021 yil 17 sentabr kuni Markaziy saylov komissiyasining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Majlisni Markaziy saylov komissiyasi raisining o‘rinbosari Baxrom Kuchkarov olib bordi.
Majlis kun tartibidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodlarning saylovoldi tashviqoti, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida xalqaro tashkilotlar va xorijiy davlatlardan qatnashadigan kuzatuvchilarni akkreditatsiya qilish hamda Ommaviy axborot vositalari vakillarini akkreditatsiyadan o‘tkazish masalalari joy oldi.
Komissiya a’zolari dastlab O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodlarning saylovoldi tashviqoti to‘g‘risidagi masalani ko‘rib chiqishdi.
Saylov kodeksining 44-moddasiga muvofiq, saylovoldi tashviqoti nomzodlarni ro‘yxatga olish uchun belgilangan oxirgi kunning ertasidan e’tiboran boshlanadi. Saylov kuni va ovoz berishga bir kun qolganida tashviqotga yo‘l qo‘yilmaydi.
Tashviqotni saylovchilarga bepul yoki imtiyozli shartlarda tovarlar berish, xizmatlar ko‘rsatish (axborot xizmatlaridan tashqari), shuningdek pul mablag‘lari to‘lash bilan qo‘shib olib borish taqiqlanadi. Noto‘g‘ri axborotni, shuningdek nomzodlarning sha’ni va qadr-qimmatiga putur yetkazadigan ma’lumotlarni tarqatish taqiqlanadi.






