Prezidentning joriy haftadagi ish jadvali ma’lum qilindi

Qayd etilishicha, 1-noyabr kuni Prezidentimiz Germaniya tashqi ishlar vaziri Annalena Berbok boshchiligidagi delegatsiyani qabul qiladi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti matbuot kotibi Sherzod Asadov jurnalistlar uchun navbatdagi brifingni o‘tkazdi.

Joriy hafta ham davlat rahbari ishtirokida ko‘plab uchrashuv va tadbirlar bo‘lib o‘tadi.

Bugun ertalab Prezidentimizga Qishloq xo‘jaligi vaziri Aziz Voitov qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish va bu borada issiqxonalar faoliyatini qo‘llab quvvatlash masalasida hisobot berdi.

Kunning ikkinchi yarmida hudud va tarmoqlarda energiya tejamkorligini ta’minlash chora-tadbirlari yuzasidan soha mutasaddi rahbarlari ishtirokida taqdimot rejalashtirilgan.

Shuningdek, mazkur hafta davomida iqtisodiyot tarmoqlariga berilayotgan imtiyozlar samaradorligini o‘rganish natijalari yuzasidan muhokama, mahalliy sanoatni yanada rivojlantirish borasida mavjud imkoniyatlar va yangi zaxiralarni safarbar etish yuzasidan kengaytirilgan majlis va odil sudlovni ta’minlash hamda sud islohotlarini yanada takomillashtirish borasidagi ustuvor vazifalar yuzasidan taqdimotlar o‘tkazish ko‘zda tutilgan.

Alohida qayd etib o‘tish lozim boshlangan hafta tashqi siyosiy masalalarda ham qator tadbirlar bor.

1-noyabr kuni Prezidentimiz Germaniya tashqi ishlar vaziri Annalena Berbok boshchiligidagi delegatsiyani qabul qiladi. Uchrashuvda ikki tomonlama munosabatlar istiqboli, savdo-iqtisodiy, energetika yo‘nalishidagi hamkorlik muhokama qilinadi va mintaqaviy masalalar yuzasidan fikr almashiladi.

3-noyabr kuni esa davlat rahbarining BAA hukumat ishlari bo‘yicha vaziri Muhammad bin Abdulloh al-Gargaviy bilan uchrashuvlari rejalashtirilgan.