Prezidentning xayrli tashabbusi ijrosiga mas’ullarning sustkashligi

1-noyabr kuni Prezident Administratsiyasi rahbari Sardor Umurzakov raisligida bo‘lib o‘tgan xalq ta’limi tizimidagi mavjud muammolarga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida Qoraqalpog‘iston Respublikasida maktab o‘quvchilariga bepul tushlik berish bilan bog‘liq muammo ham tanqidiy muhokama qilindi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan 2022-yildan boshlab Xorazm hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasida 1-4 boshlang‘ich sinf o‘quvchilari uchun bepul tushlik berish yo‘lga qo‘yilgan edi. O‘tib borayotgan yangi o‘quv yilida Xorazm viloyatida keytering usulida bepul ovqat berish 94 foiz maktablarda yo‘lga qo‘yilgan bo‘lsa, Qoraqalpog‘istonda tender tanlovlarini o‘tkazish davom etayotganligi bois ushbu amaliyot hali to‘liq boshlanmagani haqida ma’lumot berildi.

Mazkur masala yuzasidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi raisi Amanbay Orinbayev hamda Qoraqalpog‘iston Vazirlar Kengashi raisi Qahramon Sariyev hisobot berdi. Jo‘qorg‘i Kenges raisining ma’lum qilishicha, tender savdolarining bir qismi yakunlanib, 19-sentabrdan boshlab ayrim maktablarda bepul tushlik berish boshlangan. Shuningdek, oktabr oyida ham tender tanlovlari davom ettirilgan, tez orada oxirgi tender savdolari o‘tkazilishi rejalashtirilmoqda.

Sardor Umurzakov Prezidentning xayrli tashabbusi ijrosiga nisbatan mas’ullarning bunday sustkashlikka yo‘l qo‘ygani uchun e’tiroz bildirdi. Gap boshlang‘ich sinf o‘quvchilarining ovqatlari haqida ketayotganini, bu masalaga mutlaqo panja ortidan qarash mumkin emasligini ta’kidlab, davlat budjetidan barcha tegishli mablag‘lar ajratilib, moliyaviy masalada birorta muammo yo‘qligini, lekin shunday bo‘lsa-da haligacha ishlar oxiriga yetkazilmaganini tanqid qildi.

Qoraqalpog‘istonda o‘quvchilarga bepul tushlik tarqatilayotgani bo‘yicha Xalq ta’lim vazirligi, Bosh prokuratura hamda Hisob palatasi vakillari ishtirokida tekshirish o‘tkazilishi ma’lum qilindi.