Professional taʼlimni rivojlantirish jamgʼarmasi tashkil etilib, unga 50 mlrd soʼm yoʼnaltiriladi

Yangi tizimga koʼra, 45 ta kollej Bandlik vazirligi tizimiga oʼtkazilib, ularning oʼrnida monomarkazlar tashkil etiladi. Shuningdek, Oliy taʼlim vazirligi barcha kasb-hunar maktablari va texnikumlarni boshqarish va metodik taʼminlashga masʼul boʼladi.

Vazirlikda alohida vazir oʼrinbosari lavozimi joriy etilib, departament tashkil qilindi. Bu lavozimga yetarli tajribaga ega boʼlgan, Buxoro shahar monomarkaz rahbari Sadoqat Siddiqova tayinlandi.

“Bugungi kunda oliy taʼlim tizimidagi katta islohotlar oʼz natijasini berishni boshladi. Joriy yilda 36 ta oliygohga akademik va moliyaviy mustaqillik berildi.

Endi professional taʼlim tizimini tubdan isloh qilish – oliy taʼlim vaziri, uning oʼrinbosarlari, rektorlarning eng ustuvor vazifasi boʼlishi kerak. Bu juda muhim vazifa, tizimli ish tashkil etilmasa, odamlar rozi boʼlmaydi”, dedi Prezident.

Buning uchun Professional taʼlimni rivojlantirish jamgʼarmasi tashkil etilib, unga 50 mlrd soʼm yoʼnaltiriladi.

Viloyat, tuman va shaharlarda Kasb-hunar taʼlimi kengashlari tashkil etiladi.